Ota va ona bo‘lish kabi buyuk baxtga sazovor bo‘lish
boshqa, bu nomni oqlash hamda farzandiga munosib tarbiya berib ulg‘aytirish
boshqa masala sanaladi. Keling,
quyidagi test yordamida o‘zimizning qanday ota-ona ekanimizni tekshirib olamiz!
Savollarga «HA», «YO‘Q», «BILMADIM» deya javob berish
lozim.
- Farzandingizni ayrim hatti-harakatlari, qiliqlari asabingizni «egovlab», «portlatib» yuborishi mumkin. Biroq ozgina vaqt o‘tib o‘zingizni ushlab turolmaganingizdan afsuslanasiz.
- Ba’zan farzandingiz hulqidagi o‘zgarishlarga qanday javob qaytarishni bilmay, atrofingizdagi insonlarning maslahatiga quloq tutishni ma’qul bilasiz.
- Bola tarbiyasi borasidagi eng yaxshi maslahatchilaringiz — bu tajriba hamda ichki ovozingizdir.
- Farzandingizga hammadan ko‘ra ko‘proq ishonasiz. Ayrim vaqtlarda hech kim bilan bo‘lishmagan sirlaringizni unga oshkor qilgansiz.
- Boshqa odamlarning farzandingiz haqidagi salbiy fikri, shubhasiz, qalbingizga ozor etkazadi.
- Bolangizni ko‘ngliga ozor bersangiz, undan kechirim so‘rash kerak deb hisoblaysiz.
- Sizning fikringizcha, bola o‘z ota-onasidan hech nimani yashirmasligi va shaxsiy siri bo‘lmasligi lozim.
- Farzandingiz va o‘z fe’l-atvoringizdagi farqliklarni ko‘p bora ilg‘agansiz. Ba’zan ular sizni hayratlantirsa, ba’zan esa quvontiradi.
- Bolangiz hayotidagi nohushlik yoki omadsizlik uchun ich-etingizni «eb tashlaysiz», qayg‘uga berilasiz.
- Moliyaviy imkoniyatlaringiz yetarlicha bo‘lsada, farzandingizga qiziqarli va chiroyli o‘yinchoq sotib olishdan o‘zingizni tiya olasiz. Chunki uyda o‘yinchoqlar etarlicha bor.
- Bolaga qattiqqo‘llik bilan berilgan tarbiyaning natijasi ijobiy deb hisoblaysiz. Ma’lum yoshiga qadar jismoniy jazo berishni ham ma’qullaysiz va o‘z tajribangizda ham sinab ko‘rgansiz.
- Farzandingiz sizning barcha e’timodingiz va umidingizni oqlagan, bundan keyin ham oqlashiga ishonchingiz komil.
- Bolangiz xursandchilikdan ko‘ra, sizning qayg‘urishingizga ko‘proq sabab bo‘ladi.
- Ba’zan farzandingiz sizni o‘zgartirgani va qayta tarbiyalagani rost ekanligini tan olasiz.
- O‘z farzandingiz bilan kelisholmay halaksiz.
Natijalarni hisoblaymiz!
2, 4, 6, 8, 10, 12, 14 – raqam ostida berilgan
savollarga «HA» javobini bergan bo‘lsangiz, har biriga 10 balldan olasiz.
1, 3, 5, 7, 9, 11, 13, 15 – raqam ostida
berilgan savollarga «YO‘Q» javobini bergan bo‘lsangiz, har biriga 10 balldan
olasiz.
«BILMADIM» deb berilgan ham bir javob uchun 0
ball beriladi.
100 dan 150 ballgacha. Farzandingizni har qanday vaziyatda ham tushunasiz
hamda qo‘llab-quvvatlaysiz. Bolaning shaxsiy fikri bo‘lishi tarafdorisiz va u
bilan hisoblashish shart, deb bilasiz. O‘rtangizdagi ishonchga hech narsa rahna
solmasligi uchun farzandingiz bilan birgalikda harakat qilasiz va ana shu
ishonch tufayli unga erkinlik bergansiz. Biroq bola bu mustaqillikni suiste’mol
qilmasligini ham nazorat qilib turish lozim. Umuman olganda, sizning tarbiya
uslubingizdan o‘rnak olsa arziydi.
50 dan 99 ballgacha. Siz to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqdasiz. Asosiysi,
farzandingiz bilan o‘rtangizda yuz berayotgan muammolar va qiyinchiliklarni
bartaraf eta olasiz. Va bu ishni avvlo o‘zingizdan boshlaysiz. Faqat «bolamga
vaqt ajrata olmayapman» yoki «bolam juda qaysar bo‘lib o‘syapti» kabi
bahonalarni chetlab o‘ting. Hayotda shunday masalalar borki, ularga befarq
qarab bo‘lmaydi. Farzandlaringizni qarashlarini qabul qilolmasangizda, uni
tushunishga urinish lozim.
0 balldan 49 ballgacha. Sizdan ko‘ra, farzandingizga ko‘proq achinish hissi
uyg‘onadi. Bu xuddiki niholni parvarishlashni uquvsiz bog‘bonga topshirgandek
gap. Har bir bola mehribon ota-ona, chin do‘st va hayotning
o‘nqir-cho‘nqirlarini bosib o‘tishda suyanchiq, dalda bo‘ladigan tajribali
insonga muhtojlik sezadi. Bu vazifalarning barchasi esa ota-onaning zimmasiga
yuklanadi. Ishoning, hali barchasini to‘g‘irlash imkoni bor. Biroq buni siz
chin dildan istashingiz lozim. Maslahatimiz, farzandingiz bilan til topishishda
yordam bera oladigan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan biror insondan maslahat oling.