Ota – onalarga tavsiyalar

0
3423

OILA VA BOLALAR TARBIYASI, ULARNI TO’G’RI TARBIYALASH SHARTLARI.

Bolalarning murg’ak qalbiga hech bir narsa ibratdek kuchli ta’sir etmaydi va barcha ibratlar ichida ota-ona ibratidan kuchliroq va mustahkamroq o’rin oladigan ibrat yo’q.

N.I.Novikov

Rivoyat qiladilarki, bir ona donishmand oldiga kelibdi va bolasining tarbiyasiga qachon kirishish kerakligi haqida so`rabdi. Donishmand bolaning necha yoshga kirganini so’rabdi. Besh yoshga to’lganini bilib onaga xitob qilibdi:

— Tezda uyga qayt! Bola tarbiyasida eng kerak bo’lgan besh yilni sen boy berib qo’yibsan! Shunday, bola dastlabki yillarda tez va ko’p qabul qiladi va tarbiyaning asosiy qismini qabul qiladi. Tarbiya keyin ham davom etaveradi. «Lekin siz mevani keyin ko’ra boshlaysiz, — deydi bir donishmand — bu o’zingiz bir vaqtlar, bolangiz besh yoshigacha bergan tarbiyangiz gulining mevasidir» bu davrda bolaning olamni bilishi odamni bilishi orqali kechadi. Yaxshilik va yomonlik degan katta tushunchalar ota va onasining bir-biriga munosabati, ovozi, qarashi, harakati orqali borligiga singib boraveradi.

Donishmandlar kishi keyin umr bo’yi o’zi yashaydigan yaxshilik va yomonliklarning qariyb 90% ni aynan bolalikning ilk davrida olishini, besh yoshli bala bilan keksalik o’rtasi bir qadam ekanligini tan olishadi.

Bugungi bolakayning ertaga qanday inson bo’lishi ko’p jihatdan bolalik deb atalgan bu davrning qanday o’tgani, uning ongi va qalbiga atrof-muhitdan nimalarni olib kirganiga bog’liqdir. Bolaga munosabatda avvalo uning yosh darajasini inobatga olish kerak, uni yoshiga ko’ra taxminan quyidagicha taqsimlash mumkin:

Tarbiyaning yoshga bog’liq jihatlari:

1. Uch yoshgacha

2. Uchdan yetti yoshgacha

3. Yettidan o’n yoshgacha

4. O’ndan – o’n to’rt yoshgacha

5. O’n to’rtdan-o’n sakkiz yoshgacha

Bolaning bir yoshidayoq rivojlanishi jadallashadi: tana vazni uch hissa oshadi, bo’yi 25 sm o’sadi, tishlari chiqadi, ovqat chaynashni o’rganadi, emishdan to’xtaydi, bola oyog’ida turishni, kattalar qo’lini ushlab yoki o’zi mustaqil yurishni biladi. 3 yoshgacha bu ko’rsatkich oshib boradi, qo’llar harakati takomillashadi, mustaqil kiyinadi, yechinadi, yuvinadi, qo’li bilan nozik harakatlarni qiladi, u endi qalam bilan rasm soladi, tugmasini qadaydi, gapirishga o’rganadi, shuning uchun ota-onalar juda sezgir va ehtiyotkor bo’lishlari kerak. Tana a’zolarining to’g’ri rivojlanishi aniq-ravon so’zlashga o’rganishi, ota-onalarni sabr-toqatli, aqlirasolik bilan ish tutishlariga bog’liqdir.

Bolaning 3-7 yosh oralig’i alohida ahamiyatga ega. Bu davrda bolada zamon tushunchasi haqida to’g’ri tushunchalarni shakllantirish uchun unga yolg’on gapirmaslik, savollariga to’g’ri, jiddiy javob berish kerak. Bundan tashqari bolalarda gigienik ko’nikmalarni go’dakligidanoq shakllantirish kerak 2-2, 5 yoshidan yuz-qo’l yuvishni eslatib turish, nazorat qilish va ko’maklashish zarur. Tozallikka rioya qilish faqat bolaning sog’lig’ini saqlash uchungina emas balki uni kelajakda ham pokiza bo’lishining omilidir. Bolani 2 yoshidan tishlarini tozalashga o’rgatish kerak. Buning uchun kichkintoyga bolalar tish cho’tkasi, pastasi berish lozim.

To’g’ri uyushtirilgan kun tartibi katta ahamiyatga ega. Bolani aniq belgilangan vaqtda ovqatlantirish kerak, pala-partish ovqatlantirish bolalar salomatligiga yomon ta’sir qiladi. Yosh bolalarning nerv sistemasi juda ta’sirchan bo’ladi. Bolalar darrov cbarchab qoladilar va dam olishga ehtiyoj sezadilar. Dam olishning eng muhim turi uxlash bola har doim bir vaqtda uxlashi lozim. Tungi va kunduzgi, uyqu muddati bolaning yoshiga bog’liq nimjon bolalar ko’proq uxlashi lozim, uyqudan oldin ochiq havoda sayr qilish foydali, kechki ovqat yotishdan 1-1,5 soat oldin berilishi kerak.

Bola sog’lig’ini saqlash, mustahkamlash va uni har tomonlama rivojlantirishda chiniqtirish muhim rol o’ynaydi. 2-3 yashar bolalarning toza havo bilan chiniqishi muhimdir. Bundan tashqari quyosh vannalari suv bilan chiniqtirish ham juda foydali. Yosh bolalarni maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalarida tarbiya qilish, ularni oilada tarbiyalashga qaraganda bir qator o’ziga xos xususiyatlarga ega. Bola uchun yasli-bog’cha tanlashda “moda” orqasidan quvmaslik, sportni yoki diet tilini o’rgatadigan bog’chani qidirmaslik kerak. Uyingizga yaqin bo’lgan yasli-bog’cha eng qulay va hammasidan yaxshi bo’ladi. Uy sharoitida ba’zi bir ko’nikmalarni o’zlashtirgan bola bog’chaga borganda qiynalmaydi. Qoshiqdan mustaqil foydalanishni bilgan, o’zlari kiyinadigan va yechinadigan bolalar bog’chada o’zlarini dadil his qiladilar va tez ko’nikadilar.

Bundan tashqari bola hayotini o’yin va o’yinchoqlarsiz, ertaklar va musiqasiz — fantaziyasiz va ijodiyotsiz tasavvur etib bo’lmaydi. O’yin va o’yinchoqlar olamida yayrab yashagan bolaning hayotini ma’naviy to’laqon deyish mumkin. Bolaga o’yinchoq tanlayotganda uning yoshi, qiziqishi va sharoiti ko’zda tutiladi.

Yoshi katta bo’lishi bilan o’g’il bolalar texnikaga oid ayniqsa transport va shu kabi o’yinchoqlarga qiziqishi ortadi, bu o’yinchoqlar bolalarda turli kasb va mutaxassisliklarga qiziqish tug’diradi, ota-ona bu qiziqishni vaqtida payqab, rag’batlantirishi kerak. Qo’g’irchoqlar qizlarning sevimli o’yinchoqlaridir, 1-2 yoshli qizchalar ko’zi ochilib yumiladigan, «Ingalaydigan qo’g’irchoqlarni yaxshi ko’radilar. 1-4 yoshli qiz bolalarga plastmassadan qilingan kiyimsiz qo’g’irchoqlar ma’qul, qizlar ularni o’zlari cho’miltiradilar, kiyintiradilar, yo’rgaklaydilar. Sport o’yinchoqlari (koptok, arg’imchoq, kabilar) bolalarni jismoniy baquvvat qilishga xizmat qiladi.

Musiqa o’yinlari bolalarni badiiy qobiliyatlarini o’stiradi. Umuman olganda bolalar o’yinchoqlari shartli ravishda 3 ta guruhga ajiratiladi:

1.Syujetli o’yinchoqlar

2.Quruvchilik o’yinchoqlari

3.Turli materiallar agar bolani yoshlikdan o’yinchoqlarini toza tutish, ehtiyot qilishga o’rgatib borilsa ular uy anjomlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lishni o’rganadilar.

Oilada bolaga tarbiya berishning qator o’ziga xos prinsiplari borki, ularga amal qilish tarbiya ishining samarali bo’lishini ta’minlaydi. Ular quyidagicha: tarbiyada ota-onaning ma’suliyati, tarbiyadagi birlik, ota-ona obro’si, mehnat tarbiyasi, ota-onaning bola tarbiyasini bog’cha, maktab va jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borishi, ota-onaning barcha bolalarni teng ko’rishi, ularga adolatli munosabatda bo’lishi, tarbiyada bolaning o’sish va rivojlanish xususiyatlarini hisobga olish, bola shaxsini hurmat qilish, unga talabchan bo’lish kabilardir. Buning uchun ba’zi tarbiya usullarini bilib qo’yish foydadan xoli emas.

Bola tarbiyasi prinsiplari:

Masalan: ibrat – namuna usuli, yaxshi xulq-atvorga o’rgatish, odatlantirish, o’rni kelganda nasihat qilish, tarbiya berish, unga munosabatni o’zgartirish, ishontirish, rag’batlantirish, qoralash kabi usullar.

Tarbiyada maqsadning aniqligi muhim o’rin tutadi maqsadimiz — barkamol avlodni tarbiyalash uni Vatanga muhabbat ruhida xalqning eng yaxshi urf-odatlari va oilaviy an’analari ruhida, jamiyat uchun bilimdon va madaniyatli shaxs qilib tarbiyalashdir. «Agar siz fuqaroni tug’ib qo’yib, uni o’z mehringizdan benasib qilsangiz, marhamat qilib jamiyatni bu razil niyatingizdan ogoh etib qo’ying – deydi A.S.Makapenko «ota-ona mehridan benasib bolalar ko’pincha mayib kishilar bo’lib yetishadilar».

Oilada hamma bolaga bir ko’zda qarash.

Oilada bolalarni to’g’ri tarbiyalashning shartlaridan biri tarbiyadagi birlikdir. Hamma narsada bolaga muomalada, jazolashda, ta’sir o’tkazishda, birlik bo’lishi zarur. Ko’pincha bolaning onasi yoki buvisi ruxsat bergan narsani dadasi ta’qiqlab qo’yadi. Bolalar talabchan otasi bilan kam talabchan onasi va umuman talabchan bo’lmagan buvisi o’rtasida o’zlaricha yo’l topadilar. Kattalar o’rtasidagi kelishmovchilikni ko’rib bolalar mug’ombirlik, aldamchilik, xushomadgo’ylikka o’rganadi. Ayrim ota-onalar bolaga haddan tashqari mehribonlik qilib, girgitton bo’ladilar, uning hamma vazifalarini o’zlari bajarishadi, barcha injiqlik va o’jarliklarini ko’tarishadi, natijada bola noshud, bemehr bo’lib o’sadi. Ota-onaning hamma bolalariga bir xil bo’lishi, tarbiyaning muhim shartlaridan bo’lib, opa ukalarning ahil, bir-biriga mehribon, oqibatli bo’lishiga olib keladi, bola nazarida ota-onaning obro’si oshadi, odamlar bilan hisoblashishga, ularning ko’nglinii ranjitmaslikka, odamlarni qadrlashga o’rgatadi. Bir ota, bir onaning farzandlari fe’1-atvori jihatdan bir-biriga o’xshamaydi, ota-ona bolalarning sho’xini ham, qobilini ham bir xil mehr bilan sevishi, kattasini katta, kichigini kichik o’rnida bilib har birini o’ziga qarab muomala qilishi lozim. Birini ikkinchisidan ortiq ko’rish yaramaydi. Tarbiya avvalo oilada, bog’chada, so’ng maktabda, jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda olib boriladi, tarbiyalashning muhim xususiyatlaridan biri, uni uzluksiz olib borishdir. Ba’zan onalar ikkinchi farzandni ko’rishgach kattasi g’ashlik qilayotganini aytib qolishadi, buning oldini olish uchun to’ng’ichga endi aka, opa bo’lganini aytish, ukasini boqishda yordamlashishi kerakligini tushuntirish lozim. Tarbiyada har bir bolaga alohida muomala, munosabat, e’tibor kerak. «U bolaku, bolaga bo’laveradi», «yumalab, sumalab katta bo’lsa rizqini topib yer», «hammasiga keyin o’zi o’rganib ketadi», kabi fikrlarni qo’yib, bolani tug’ilganidan voyaga yetkuncha tarbiyalab borish kerak. Bolaning tabiiy ehtiyoji bo’lgan narsalarni taqiqlash yaramaydi, bolani tez o’sayotgan organizmni harakat qilib turishni talab qiladi. Bola o’jarlik bilan gapga quloq solmaydi, yig’laydi va asabiylashadi. Keyinchalik esa vazmin, uyatchan bolaga qo’pol muomila qilinsa u juda qo’rqoq bo’lib qoladi, hayotda mustaqil yashashga qiynaladi.

TARBIYADA OILAVIY MUHITNING O’RNI QANDAY?

Bolajon xalqmiz. Topgan-tutganimizni farzandlarimizdan ayamaymiz. Ularning sog’lom, ma’naviyatli, oqil va dono bo’lib ulg’ayishi, jamiyatga naf keltiradigan insonlar bo’lishi uchun yelib-yuguramiz. Bu xalqimizga xos fazilatdir.

Farzandga g’amxo’rlik qilish, uning hech kimdan kam bo’lmay ulg’ayishi uchun harakat qilishning nimasi yomon. To’g’riku-ya, ammo ba’zi oilalarda bu g’am-xo’rlik biryoqlama, ya’ni faqat moddiy ta’minotiga ko’proq e’tibor qaratilishi bilan namoyon bo’lmoqda. Eng yomoni esa, ayrim ota-onalar oiladagi to’kislik, ta’minot a’lo darajada ekanidan xotirjam yurishadi, bolamning usti but, qorni to’q, ta’minoti risoladagidek deb, tarbiyaning ma’naviy jihatlariga e’tibor qaratmaydilar. Vaholanki, bola tarbiyasida oiladagi ma’naviy muhitning o’rni ko’proq ahamiyat kasb etadi. Buni dars jarayonida juda ko’p kuzatganman.

Saboq berayotgan o’quvchilarimning ota-onalari turfa kasb egalari. Bu tabiiy, biroq ularning ma’naviy dunyoqarashlari ham turfa ekanligi meni o’ylantiradi. Suhbat jarayonida shuni anglab yetamanki, ular tarbiyada o’qituvchi muhim rol o’ynaydi, biz ota-onalar farzandimizning kiyimini, kitobini, daftar-qalamini ta’minlab tursak, bas, deya fikrlashadi. Bunday ota-onalarga o’zingiz oxirgi marta qaysi kitobni o’qidingiz, bolangizning dars tayyorlashini qachon nazorat qilib, ko’maklashgansiz, unga qanday ibratli hikoyatlarni aytib bergansiz, qanday kitoblarni olib berayapsiz, deya so’rashning o’zi ortiqcha.

To’g’ri, bola maktabda ta’lim olish bilan birga tarbiya ham ko’radi. Ilm dargohlarida yosh avlod har tomonlama mukammal bilim va salohiyat egasi bo’lib ulg’ayishi lozim. Bu borada davlatimiz tomonidan katta g’amxo’rlik ko’rsatilmoqda.

Zamonaviy uslubda qurilgan, yuksak texnologiyalar bilan jihozlangan maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ular ixtiyorida. Ilm dargohlarida o’g’il-qizlar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Bundan, albatta, har bir ota-onaning ko’ngli to’q, lekin unutmaslik kerakki, tarbiyada ota-onaning ham, o’qituvchi-murabbiyning ham o’z o’rni bor. Mana, masalan,
o’quvchilar bilan suhbatlashganimda ularning dunyoqarashi, o’y-fikri,
orzu-niyatlari bilan qiziqaman. Ayrim to’kis oilada ulg’ayayotgan bolalar fikrini boqimandalik hissi egallab olgan. Ular kelajagini ota-onalari belgilab qo’yganini «faxr» bilan so’zlab berishadi.

Yuqorida biz farzandga g’amxo’rlik haqida so’z ochgandik. Ota-ona oila davrasida farzandiga «sen hech xavotir olma, uy-joy, avtomobil, nima kerak bo’lsa, mana, bizning zimmamizda» desa, bu aslo g’amxo’rlik emas. Yoki ba’zi ota-onalarni olaylik, ular farzandi bilan gaplashishga umuman vaqt topisha olmaydi. Bola ulardan mehr kutsa, qo’liga pul tutqazishadi. Shumi, g’amxo’rlik?

O’zim guvoh bo’lgan bir voqea haqida aytmoqchiman. Yosh hamkasbim bir kuni mendan maslahat so’radi: «Ustoz, bir o’quvchim darsga doim xalaqit berayapti. Yaxshi gapirib ham ko’rdim, tanbeh ham berdim foydasi bo’lmadi. Otasini chaqirtirsam, vaqti yo’q ekan, haydovchisini jo’natibdi. Otaning bunday e’tiborsizligidan juda ranjidim. Oxiri o’zi ham keldi. U mendan anchagina «achchiq» gaplarni eshitsa-da nopisandlik va balandparvozlik bilan e’tibor ham bermadi». Hamkasbimning gaplarini eshitib Xoja Samandar Termiziyning bir ibratli hikmati yodimga tushdi: «Har kim agar yoshligidan beadab kishilar ichida o’sib ulg’aysa, katta bo’lgach uning vujudiga o’rnashib oladigan badfe’llik illatini chiqarib tashlash qiyin bo’ladi».

Yaqinda bir voqeani eshitib yanada hayron qoldim. Qishloq maktablaridan birining o’qituvchisi beodob o’quvchilaridan biriga tanbeh berayotib, jahl ustida qo’liga urib yuboribdi. Ma’lumki, pedagogikada bolaga qo’l ko’tarish mumkin emas. O’qituvchi bu xatosini anglab yetgan bo’lsa ham, bola uyiga borib darhol ota-onasiga shikoyat qilgan. Ota esa o’z mavqeyidan foydalanib shifokordan bolasining quloq pardasi yirtilgani haqida soxta ma’lumotnoma tayyorlatib olgan. To’plangan hujjatlar asosida muallimni sudga berib, o’qituvchining tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi va ishdan mahrum etilishiga «erishgan». Bir odamning noqonuniy xatti-harakatini deb, bir fidoyi inson nohaq qoralandi. Otaning bu qilmishini kuzatib turgan farzandning ertaga bunday nomaqbulchilikka qo’l urmasligi dargumon.

Mana shunday holatlardan biri mening ish faoliyatimda ham sodir bo’ldi. Bir o’quvchim uyga vazifani tayyorlamaganligi uchun unga qoniqarsiz baho qo’ydim. Bu bahoni kundaligiga ham qo’yib, bolasining o’qishidan ota-onasini xabardor qilish uchun xat yozmoqchi bo’lsam, u kundaligini tortib olib sinfxonani ruxsatsiz tark etdi. Undan juda xavotir oldim. Ertasi kuni qarasam, darslarga qatnashib yuribdi. Ko’nglim ancha joyiga tushdi, Keyin bilsam, kecha bola ota-onasiga «meni o’qituvchim urdi» deb arz qilibdi. Holbuki, men unga qo’limni ham ko’targanim yo’q. Bunga sinfdoshlari guvoh. Ish vaqti tugagach uyga ketganimdan so’ng bolaning ota-onasi to’polon qilib kelgan, hech narsani so’rab-surishtirmay meni rosa ayblashgan. O’sha-o’sha bola mening darsim bo’ladigan kuni mashg’ulotlarga kelmaydigan odat chiqardi. Sinf rahbari onasiga qo’ng’iroq qilsa: «Adabiyot o’qituvchisi qattiqqo’lligi uchun uning darsi bor kunlari farzandim qo’rqib bormayapti» degan javobni aytibdi. Mana, sizga ba’zi ota-onalarimizning ma’naviy saviyasi. Oxirigacha so’rab-surishtirmay, bilmay-netmay, o’quvchimning yolg’on gaplariga ishonib, uning ko’ngliga benihoya katta e’tibor berayotgan bunday ota-ona o’z farzandiga yomonlik qilayotganini anglab yetmaydi.

Yana bir gap. Bolalar «iPhone», «Samsung Galaxy», «Lenovo», LG, HTC rusumidagi mobil telefonlardan foydalanayotganini ko’z-ko’z qilayotganini ko’rib kishi chuqur o’yga cho’madi. Ota-onalar ularga qimmatbaho telefonlarni olib berganlar, ammo ularning ko’pchiligi bunday telefonlardan foydalanishni o’zlari bilmaydilar-ku!

Bola bu telefonlardan qay maqsadda foydalanayapti, uning maxfiy kodlangan papkalarida nimalar saqlanayapti, ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan do’st bo’layapti, internetda qanday saytlarga tashrif buyurayapti – bularning
barchasini nazorat qilish uchun ota-ona o’sha texnologiyani farzandidan ko’ra
yaxshiroq tushuna olishi kerak. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etgani sari ulardan foydalanish, tushunishda farzandlarimizdan ortda qolsak, bilingki, ularni hen qachon nazorat qila olmaymiz. Ko’pgina ota-onalar
farzandlarining uyali aloqa vositasidan foydalanishlarini xavfsizlik nuqtayi
nazaridan deya izohlaydilaru undan dars vaqtida foydalanish mumkin emasligini uqtirishni unutib qo’yadilar.

Aytmoqchimanki, bolaga g’amxo’rlik qilaman deb, uning ma’naviy dunyoqarashiga salbiy ta’sir qilmaslik kerak. Ertaga u nainki ota-onasiga, balki jamiyat taraqqiyotiga yomon ta’sir etuvchi salbiy illatlarga ko’l urishi mumkin. Bunga yo’l qo’ymaslik uchun, avvalo, bolaning yurish-turishini kuzatib, unga to’g’ri tushuntirish va yo’nalishlar berish, farzandining ta’lim olishiga e’tibor qaratib, ilm-fan, ijodga mehr uyg’otish, tarbiyasi yo’lida maktab va mahalla bilan mustahkam hamkorlik o’rnatish talab etiladi. Eng muhimi, bolaning bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazishiga yaqindan ko’maklashish lozim. Uning qiziqishlarini e’tiborga olgan holda, turli fan va sport to’garaklariga qatnashtirish, imkon bo’lsa, musiqa va san’atga oshno qilish maqsadga muvofiq. Bu yoshlarning ongini egallashga urinayotgan turli g’arazli kuchlarga qarshi eng yaxshi qalqon vazifasini o’taydi. Yosh niholga istagancha shakl berish mumkin bo’lganidek, bolada yoshligidan qiziqishni uyg’otish ham unchalik qiyinchilik tug’dirmaydi. Ota-onalar shu orqali farzandlari va ularning kelajagi uchun katta g’amxo’rlik qilgan bo’ladilar.

Tarbiya borasida qilingan bir xatoning ta’siri odamni bir umr ta’qib etishi mumkin. O’qituvchisiga hurmatsizlik bilan gapirayotgan bola ertaga ota-onasiga shu munosabatni qilmasligiga kim kafolat beradi?

Aziz ota-onalar, hurmatli hamkasblar! Milliy an’ana va qadriyatlarimiz, hurmat, izzat tushunchalari hamda jamiki axloqiy fazilatlar bu yo’lda bizga yaxshi hamroh bo’lishi, shubhasiz.

Farzand tarbiyasi juda murakkab va mas’uliyatli vazifa. Bu vazifa yurt taraqqiyoti, mamlakat kelajagiga daxldor ekanini sira yoddan chiqarmaslik kerak. Tarbiyada mana shu ikki olam uyg’unligi ta’minlansa, katta muvaffaqiyatlarga erishilishi ayni haqiqat.

 
БОЛАГА КЕСКИН ВАЗИЯТЛАРДА ЁРДАМ БЕРИШ.
(Амалиётчи психологларга махсус фойдаланиш учун)
Тошкент 2019
“Болага кескин вазиятларда ёрдам бериш” номли қўлланма “Вояга
етмаган ўқувчи-ёшларга ижтимоий психологик ёрдам кўрсатиш маркази”нинг
амалиётчи психологларига махсус фойдаланиш учун мўлжалланган. Услубий
қўлланмада Болага кескин вазиятларда ёрдам беришнинг психологик
хусусиятлари, танглик вазиятида психологнинг бола билан ўзаро
алоқаларининг умумий тамойиллари ва боланинг психологик хусусиятлари
диагностикаси тўғрисида маълумотлар берилган.
2-мавзу: БОЛАГА КЕСКИН ВАЗИЯТЛАРДА ЁРДАМ БЕРИШ1.
Болага кескин вазиятларда ёрдам беришннг психологик хусусиятлари
Руҳий тушкунлик вазиятига тушиб қолган бола билан ишлашни
режалаштириб, психолог ўз олдига қуйидаги мақсадларни қўйиши мумкин:
• болани қўрқув, тортиниш, умидсизлик ҳолатидан қутқариш;
• ҳар бир бола учун одатий психологик ҳолатни (руҳий тушкунлик
вазиятигача бўлган ҳолатини) тиклаш;
• ёрдам кўрсатиш ташқи манбаларини жалб қилиш ва боланинг ички
ресурсларини кучайтириш;
• болага (ўсмирга) аниқ бир танглик мазмуни ва ўз ҳаёти хусусиятлари
ўртасидаги ўзаро боғлиқликни тушуниши учун имкониятлар яратиш;
• болани кучли танглик ҳолатидан чиқишига ва кейинги ҳаётида танглик
вазиятларини бартараф қилишига ёрдам берадиган янги кўрсатмаларни, хулқ
усулларини шакллантириш, шунингдек, копинг механизмларини
ривожлантириш.
Танглик ҳолатига тушиб қолган болага психологик ёрдам кўрсатиш асосини
амалга оширишда унинг сезгилари ва кечинмалари билан ишлашни ташкил
қилади. Мана шу сабабли психологнинг бола билан алоқалари муҳим аҳамиятга
эга бўлади. Шунинг учун алоқа ўрнатиш ва уни таъминлаб туришга ёрдам
берадиган ҳар қандай мумкин бўлган воситалардан фойдаланиш зарур. Танглик
ҳолатларида психолог ҳимоя ва қўллаб-қувватлаш вазифасини бажаради. Бола
ҳаётида аниқ бир танглик ҳолатининг ўрни ва аҳамиятини тушуниш, бола
хавфли деб тушунадиган омилларнинг таъсирини юмшатиш мақсадида нима
ишлар қилиш мумкинлигини билиш учун бола ҳақида иложи борича кўпроқ
ахборотлар тўплаш муҳим.
Болага ўзининг ҳиссиётларини ва эҳтиёжларини ифода этиши (ўйин, тана
билан боғлиқ, шунингдек, арт-терапевтик методлар ёрдамида) ва
ҳаяжонларининнг новербал ҳамда вербал даражалари ўртасида боғлиқликни
йўлга қўйишга ёрдам бериш муҳим.
Ишларнинг тартибли тузилиши аниқ вақт ва амаллар доираси болага ишонч
бағишлайди. Бола фақатгина яқин учрашув қаерда ва қачон бўлишини эмас,
балки учрашувлар орасидаги вақт давомида психологни қандай қилиб ва қачон
топиши мумкинлигини билиши ҳам жуда муҳим.
1
Танглик вазиятида қолган болага психологик ёрдам кўрсатиш. Тузувчилар: Таджиева С.Х., Сабирова Д.Ғ.Т.: РБИММ, 2011
й. 45-69 бетлар
Танглик вазиятида психологнинг бола билан ўзаро алоқаларининг
умумий тамойиллари
Танглик ҳолатидаги бола билан ишлаш йўллари ишлаб чиқилаётганда
қуйидаги тамойиллар ва қоидаларга амал қилиш муҳим ҳисобланади.
Танглик ҳолати кечиктириб бўлмайдиган муаммо сифатида қаралиши керак
(тана жароҳатлари мавжуд бўлганида ва психик ҳолати бузилган ҳолларда —
кечиктириб бўлмайдиган тиббиёт нуқтаи назаридан ёрдам кўрстилиши керак
бўлган муаммо сифатида қаралади). Тиббиёт ходимлари тартибидан болага
малакали ихтисослашган ёрдам кўрсата оладиган ишончли шахсларга эга бўлиш
муҳим. Ёрдамчи касб мутахассислари шифокор-мутахассис етиб келгунича
тезкор тиббий ёрдам кўрсатиш бўйича ҳаракатлар тўпламини билишлари керак.
Боланинг ҳолати мос эмас. Танглик вазиятидаги психик ҳолатида бўлган
(интоксикация, турли даражадаги сезгилари бузилиши, психик бузилишлар,
суицид хавфи ва шу кабилар) ёки оғир жисмоний ҳолатдаги (жисмоний зўрлаш
оқибатлари, оғир соматик касалликлар ва шу кабилар) болани дарҳол тиббий
кўрикдан ўтказиш керак. Бола (ўсмир) ўзини янада ҳимояланган ҳис қилиши ва
бемалол ишлай олиши учун психолог ҳамда бола якка қолишлари мумкин
бўлган алоҳида қулай, шунингдек, шинам хона бўлиши керак. Танглик ҳолатида
бўлган бола билан мулоқотда бўлишнинг асосий тамойили — бола билан
нималар содир бўлаётганлигини тинглаш, хотиржам ва тушунган ҳолатда
муносабатда бўлиш. Ҳеч кимни баҳолаш ва айблаш мумкин эмас. Кичик болалар
ва жисмоний жабрланган болалар билан ишлашда улар ҳис қилаётган қўрқув
ҳисси шундай вазиятларга тушиб қолган ҳар қандай инсонлар учун оддий ва хос
ҳолат эканлигини уларга тушунтириш зарур. Жабрланган болалар зўрланган
бўлсалар боланинг айбдорлик ҳиссига ҳуқуқларини тан олиш, шу билан бирга
зўравонликка қаршилик қилиш имкониятлари жуда чекланган бўлганлигига
уларни ишонтириш керак. Бола билан ишлаётганда унинг ҳулқи ҳаракатларини
диққат билан кузатиш, болани тушуниш ва унга ёрдам кўрсатиш учун муҳим
бўлган барча ҳолатларни ўзи учун белгилаб бориш, шу билан бир вақтда шу
ҳолатни ҳеч сездирмаслик зарур. Болани ҳозирги ҳолатда у хавфсиз шароитда
эканлигига, у ҳимоя остида бўлишига ишонтириш зарур. Болада ҳеч ҳам ёлғиз
қолмаслиги, унга ишончли ҳамроҳликни таъминлаш, психолог ёнида, доим бирга
эканлиги ҳиссини пайдо қилиш керак.
Ишларнинг умумий кетма-кетлиги
Танглик вазиятда бола билан олиб бориладиган психологик ишлар албатта
қуйидаги бир неча босқичлардан иборат бўлиши керак:
• ишга тайёргарлик кўриш;
• ишнинг тахминий режасини тузиш;
• бола билан алоқа ўрнатиш, у билан бирга содир бўлган ҳодисани ўрганиб
чиқиш;
• боланинг танглик вазиятини бошдан кечириши ташқи белгиларини ва
хусусиятларини таҳлил қилиш:
– унинг жисмоний (соматик) ҳолатини;
– унинг кайфиятини;
– унинг ҳулқи ва умумий психологик ҳолатини.
Боланинг психологик ривожланиши хусусиятларини ташҳис қилиш:
– бола шахсининг идрок этиш доирасини;
– эмоционал-шахсий муносабатларини;
– характери ва психик четланишларига эътибор бериш.
Бола билан иш олиб боришнинг истиқболларини белгилаш, ушбу
ишларнинг асосий йўналишларини аниқлаш.
Ишга тайёргарлик кўриш
Биринчи навбатда қуйидаги саволларга жавоб бериб психолог мутахассис
аниқ бир вазиятга нисбатан ўз муносабатини баҳолаши зарур:
• Мен ўзимга ишонаманми?
• Мен ҳозир танглик вазияти билан ишлашга қодирманми?
• Қандай йўл билан болани қўллаб-қувватлашим мумкин? Қандай қилиб уни
ҳимоя қилишим мумкин?
• Бола ҳақида нималарни билишим зарур? Ундан яна қандай маълумотларни
олишим зарур? Болага нима фойдали бўлиши мумкин?
• Бола учун у олган жароҳат ҳолатларини очиш қандай оқибатларга олиб
келиши мумкин?
• Қандай қилиб бола билан суҳбатлашиш учун хотиржам ва тўла ишончли
миҳитни яратишим мумкин?
Маслаҳатни синфда ёки расмий хонадан кўра ўйинлар ёки релаксацион
хонада ўтказган яхши. Бу боладаги кескинликни йўқотишга, ўзини янада
хавфсизроқ ва вазият назорат остида деб ҳис қилишига ёрдам беради. Таъсирчан
болалар ёрқин кўргазмали, кучли аудиал ва кинестетик рағбатларга осон
чалғишларини эслатиб ўтиш зарур, шунинг учун суҳбат шароитини бола
диққатини ҳеч нарса чалғитмайдиган қилиб ташкил этиш муҳимдир. Хонада
телефон, соат, радио ва телевизор бўлмагани маъқул, маслаҳатчининг ўзи
эътиборни тортмайдиган кийимда бўлиши керак. Олдиндан хонага кириш ва
эшикни тақиллатиш мумкин эмаслиги ҳақида барчани огоҳлантириб қўйиш
керак. Хонадаги мебель бола учун қулай бўлиши, мутахассис ҳамда бола
ўртасида бирор-бир шартли тўсиқ қўйилиши (столча, тумбочка) ва уни бола ўз
шахсий ҳимояси сифатида тушуниши лозим. Баъзида бола билан бевосита ерга
ўтириб ишлаши мумкин (фақат ерга гилам тўшалган ёки юмшоқ ёстиқлар
бўлиши керак), бу эса у учун янада эркин муҳитни ҳосил қилади.
Ишни режалаштириш
Танглик ҳолатига тушиб қолган болага мутахассислар гуруҳи билан
биргаликда ёрдам кўрсатиш муҳим (ижтимоий педагог, психолог,
психоневролог, нейропсихолог, логопед). Бевосита бола билан ишлашга
киришишдан аввал иложи борича бола ҳақида кўпроқ объектив батафсил
ахборотларни тўплаши зарур.
Бола ҳақида объектив ахборотлар манбаи қуйидаги ҳужжатлар ҳисобланади:
• Шахсий ҳужжатлар тўплами.
• Тиббиёт ҳужжатлари асосида тўпланган ва тиббий кўрик натижалари.
• Мутахассислар текширувлари ёки улар билан суҳбат баённомалари.
• Боланинг педагогик характеристикаси.
Жароҳатли тангликни бошидан ўтказаётган болага ёрдам кўрсатиш
учун психолог қуйидагиларни билиши керак:
а)ўзининг лавозими вазифаларини
ва бола манфаатларини ҳимоя қилиши учун зарур бўладиган ҳуқуқларини; б)
бола ҳуқуқларини ҳимоя қилиш тўғрисидаги Қонунларни; в) психолог бола
хуқуқларини ҳимоя қилиш учун мурожаат этиши мумкин бўлган бошқа
ташкилотларнинг имкониятларини (тиббиёт, ижтимоий, ҳуқуқни ҳимоя қилиш,
жамоат ташкилотлари).
Бундан ташқари қуйидагиларни бажаришни билиши зарур:
1. Турли танглик ҳолатида бўлган болалар/ўсмирларнинг ҳолатларига хос
бўлган ташқи белгиларни кўра билишни.
2. Психологик ташҳис учун зарур методикаларни қўллашни.
3. Турли ёшдаги болалар билан алоқа ўрнатишни билиш, уларнинг
қизиқишлари ҳақида тасаввурга эга бўлиш.
4. Ўзининг шахси билан ишлашни — ўзининг шахсий ва касбий
имкониятларини таҳлил қилишни, бир мавзу билан ишлаганда ривожланиш
йўналишларини кўра билиш.
Бола билан биринчи учрашувдан олдин у билан ишлаш режасини ўйлаб
чиқиш муҳим ҳисобланади. Агарда бола ҳақидаги мавжуд маълумотлар асосида
психолог қуйидаги саволларга жавоб бера олса яхши бўлади:
• Мазкур ҳолатда тангликнинг қайси тури кузатилмоқда?
• Бола учун тангликнинг оқибатлари эмоционал, когнитив, хулқ-атворида
қандай намоён бўлиши мумкин?
• Боланинг интеллектуал ривожланиш даражаси қандай (меъёрида ёки
меъёрдаги ортда қолган)?
• Мазкур бола билан қандай муомалада бўлиш керак (алоқалар сифатлари —
суръати, қоидаси, чегаралари, нималар ҳақида гапириш керак)?
• Бола билан ишлашда қайси мавзуларни биринчи навбатдаги асосий
мавзулар сифатида кўрсатиш мумкин (қўрқув, айрилиқдан ташвишланиш ва шу
кабилар) ва кутилган натижалар қандай бўлиши мумкин (етарлича ўзини
бошқариш, мослашиш ва шу кабилар)?
• Қайси техника ва методикадан фойдаланишни режалаштирмоқдасиз?
• Биринчи суҳбатни жабрлангандан кейинги стресс ҳаяжонлари ва
бузилишлар белгиларни яхши биладиган ва боланинг кескин аффектив-шахсий
таъсирланишини йўқотишни биладиган психолог ёки психотерапевт ўтказиши
мақсадга мувофиқ бўлади.
Ишларнинг дастлабки босқичи, бола билан биринчи бор алоқада бўлиш
Кўпинча психолог билан учрашув бола учун мана шундай мутахассис билан
биринчи бор учрашув ҳисобланишини эсдан чиқармаслик керак, шу билан бир
вақтда бу учрашув одатда боланинг психологик ҳимоялаш механизмлари кучли
бўлган, унинг кескин мослашиш даврида содир бўлади. Шунинг учун бола
биринчи учрашув пайтида ўзини эҳтиёткор тутишга ҳақли эканлигини тан
олиши муҳим. Боланинг ёшини ҳисобга олиш керак: мактабгача ёшдаги бола ёки
кичик ёшдаги мактаб ўқувчиси билан учрашувни расм чизиш ёки ўйиндан
бошлаш ва шундан кейингина тегишли мавзуга ўтилса яхши бўлади (бу ишни
эҳтиёткорлик билан аста-секин бажариш керак).
Янада каттароқ ёшдаги болалар билан мазмунли суҳбатни бошлашдан аввал
кичик ёқимли суҳбат қуриш фойдали бўлиши мумкин. Бола ҳар хил кайфиятда
бўлиши ва уларни турлича ифода этиши мумкин, бунга тайёр бўлиш керак.
Яхшиси болага ўзининг ҳиссиётларини намоён этишга имкон бериш, агарда бола
хоҳласа шулар ҳақида у билан суҳбатлашиш керак. Бола билан биринчи бор
учрашувнинг бошида албатта ўзини таништириш, ўз касби ҳақида гапириб
бериш, бўлажак ишларнинг мазмуни ва мақсадлари ҳақида қисқача тушунтириб
бериш керак.
Агарда бола одамови, ташаббуссиз бўлса, содир бўлаётганларга
қизиқмаётган бўлса, ушбу ҳаракатлар алоҳида эътиборга лойиқ бўлади. Боладан
ҳам ўзини таништиришни сўраш ва суҳбат жараёнида унга иложи борича кўпроқ
исмини айтиб мурожаат этиш керак. Ишни жароҳат етказган вазият билан
боғлиқ бўлмаган, бошқа мавзулардан бошлаш тавсия этилади. Мактаб,
ўртоқлари билан муносабатлари, қизиқишлари суҳбат учун мавзу сифатида
хизмат қилиши мумкин. Шундан кейин оиласи ва уйи ва фақатгина шундан сўнг
туйғулари ҳақида гапириш мумкин («Нима сени бахтли қилиши мумкин? Қачон
ғамгин бўласан?»). Суҳбат мавзуларини боланинг ўзи танлашига имкон бериш,
унинг эркин сўзлашини рағбатлантириш, ўзи ҳақида овоз чиқариб ҳар қандай
ахборотни гапирганида уни қўллаб-қувватлаб туриш муҳим. Танглик вазияти
ҳақида гапирганида рағбатлантириш зарур, аммо болани бу ҳақида гапиришга
ҳеч қачон мажбурламаслик керак.
Боланинг сезгилари билан ишлаганда ҳаяжонларини фақатгина тўғри вербал
муҳокама қилиш билан чекланмаслик керак, бола ўз хиссиётларини образли расм
чизиш, метафоралар, ҳис-туйғулар ассоциациялар билан ифода этишига имкон
бериш муҳим. Рамзий даражада ифода этилган ҳиссиётларидан (образлар,
метафоралар, расмлар, ўйин ва бошқалар) когнитив даражасига, содир
бўлаётганларни ажратиш ва хулосаларга ўтиш керак. Содир бўлганларни кетмакетлигини фақатгина бола айтган ҳолатларга таяниб, у билан бирга қайта тиклаш
керак, бу ишни бола учун тушунарли даражада бажариш керак. Болага сизнинг у
билан учрашувларингиз албатта кераклигини, кўпроқ ўсмирнинг ўзига жуда
кераклигини айтиб ўз қарашларингизни унга тўғри тушунтиришингиз мумкин.
Ўсмирлар билан алоқани ўрнатишда психолог қуйидаги шартларга амал қилиши
керак: ўсмирларни улар қандай бўлсалар шундай қабул қилиш керак; барча
учрашувлар давомида ўсмирга психологик ёрдам кўрсатиш, унга ўзининг
имкониятларини кўрсатиш зарур; ўсмирлар билан албатта «катталар-катталар»
ролларидаги муносабатда бўлиш керак; вақти вақти билан ўсмирларга хос
муносабатлар усуллари орқали (нутқи, мимикаси, ишоралари) уларга қўшилиш
зарур; психолог жинсига хос хулқини намойиш этиш зарур;
• Ишлар давомида энг муҳим томонларига ўсмирнинг эътиборини қаратиш,
содир бўлаётганлар моҳиятини тушуниш жуда муҳим;
• Ўсмирнинг тўсатдан фаоллигини рағбатлантириш ва тақдирлаш керак.
Фактларга асосланиб болага/ўсмирга танглик ва унинг оқибатларини
тушунарли сўзлар билан таърифлаб бериш муҳим. Биринчи учрашувдаёқ болага
келажакнинг ҳақиқий кўринишини кўрсатиб бериш ва ишонч ҳосил қилиш
керак. Қуйидагиларни доим ёдда тутиш керак:
«Ҳатто икки ва уч ёшли болалар ҳам ўзлари билан бўлаётган ҳодисалар
ҳақида гапириб беришлари — аниқ эслашлари ва тасвирлашлари мумкин.
• Уч ёшли болалар судда аниқ кўрсатмалар берадилар.
Агарда уларга тегишли усулда тўғри саволлар берилса ҳар қандай ёшдаги
болалар ҳам билганларини гапириб бера оладилар.
• Болаларнинг кўрсатмаларидаги қарама-қаршилик оддий ҳолат.
• Кичик болалар сўзлардан уларнинг тўғри маъносида фойдаланадилар.
• Кичик болалар бир вақтнинг ўзида икки ва ундан ортиқ фикрларни
кузатишга жуда қийналадилар. Болалар ҳар доим ҳам сизга саволни
тушунмаганларини айтолмайдилар. Болалар гапларингизни тушунишлари ҳар
доим ҳам сизнинг саволингизга жавоблари ҳисобланмайди. Матнни ёддан
такрорлашлари бола матннинг мазмунини тўлиқ тушунганини англатмайди.
Болалар ўзларининг кечинмаларини тўғри ифода этишга қодир эмаслар.
Бола билан биринчи суҳбатнинг намунавий дастури
Ўзини таништириш: «Менинг исмим…. Мен …. ишлайман». Боладан ўзи
ҳақида гапириб беришини сўраш.
Асосий қоидаларни тушунтириш:
а) Мен баъзи саволларни икки марталаб беришим мумкин (агар
жавобингни тушунмасам).
б) Агар саволни тушунмасанг менга буни айт.
в) Сен менинг саволимга жавобни билмасликка ҳаққинг бор, фақат буни
менга айтгин.
г) Агар жавобингда иккилансанг, шундай деб айт.
е) Агар сени нотўғри тушунсам, менга тўғрисини тушунтир.
3. Болани суҳбат мавзуси билан таништириш (бунда имкон қадар
“оғир”, “қўрқинчли”, “зўрлаш” ва ҳоказо сўзларни ишлатмасликка ҳаракат
қилинг).
4. У билан оилавий ҳаёт тўғрисида суҳбатлашиш:
а) Неча ёшдасан? Туғилган кунинг қачон?
б) Қаерда яшайсан?
в) Сен билан бирга кимлар яшайди?
г) Уйинг қандай, ким қайси хонада яшайди?
5. Мактаб ва дўстлари тўғрисида гаплашиш:
а) Қайси мактабда ўқийсан?
б) Ўқитувчингнинг исми нима?
в) Сенга мактабда ҳаммадан кўра кўпроқ нима ёқади?
г) Сенинг яқин дўстинг борми?
6. Болага ўзи билан бўлиб ўтган ҳодисалар ҳақида эркин шаклда сўзлаб
бериш имконини бериш керак. Якунланмаган гаплардан, очиқ ва
аниқлаштирувчи саволлардан фойдаланиб боланинг ҳикоясини рағбатлантиринг.
Мавзуларни бола гапирган тартибда муҳокама қилинг. Агарда унинг айтганлари
ишончсиз бўлса шароитларни аниқлаштиринг: қачон ва қаерда содир бўлган;
қайси вақтда — эрта тонгда, кундузи, кечқурун, тунда, йилнинг қайси фаслида; у
нима қилди {а); сен нима қилдинг (а).
Боланинг мавжуд ҳолатини таҳлил қилиш
Соматик (жисмоний) ҳолатини ўрганиш. Текшириш пайтида боланинг
ташқи кўринишига, саломатлигига эътибор бериш, учрашув пайтигача бўлган
жисмоний ҳолати хавотирли эмаслигига ишонч ҳосил қилиш мумкин бўлган
шикоятларини тинглаш зарур. Боланинг соматик ҳолати яхши бўлмаган
ҳолатларда тегишли мутахассислар кучлари билан зарур тиббий ёрдам
кўрсатишни ташкил қилиш керак. Бундан ташқари боланинг нутқи
хусусиятларига, унинг моторикасига (юриши, ҳаракатланиш, гавдасини тутиши,
мимикаси, ишоралари хусусиятларига), фаоллиги даражасига эътибор қаратиш
керак.
Кайфиятини баҳолаш. Биринчи учрашувдаёқ боланинг кайфиятини, унинг
намоён этаётган эмоциялари кучлилигини ва ифодалилигини баҳолаш муҳим
ҳисобланади. Хавотирланиш, руҳий тушкунлик, қўрқув, айбдорлик ҳисси,
тажовузкорлик, лоқайдлик каби бахтсизлик белгиларига алоҳида эътибор
қаратиш зарур. Кайфияти ёмонлиги яққол намоён бўлган ҳолларда (депрессия)
болада жонига суиқасдлик фикрлари йўқлигига ишонч ҳосил қилиш керак.
Агарда бола билан алоқада бўлиш давомида суиқасдлик мақсадини ва уларни
амалга оширишга интилишини очиқ айтадиган бўлса дарҳол шифокор, психиатр,
психолог билан учрашув ташкил қилиш керак. Бундан ташқари бола ғалати
ҳаракатлар қилса, унда галлюцинациялар мажуд бўлганида ҳам шифокорпсихологга мурожаат этиш зарур. Агарда маслаҳатлар давомида бола ҳаддан
ташқари хавотирланса ва тинч ўтира олмаса, бу ҳолат хавотирланиш ва қўрқув
оқибати, диққатни жамлай олмаслиги оқибати ёки гиперфаоллик синдроми
намоён бўлиши эмаслигини аниқлаш зарур. Нима бўлганда ҳам ўз талабларини
тушунтириб, оғзаки кўрсатмаларни намойиш этиб, ўзининг илтимосларини бир
сўзлар билан бир неча бор такрорлаб қатъий ва изчиллик билан ҳаракат қилиш
керак. Фақатгина ишониш ва хавфсизлик муҳити ҳосил қилингандан кейингина
(бунинг учун эса бир неча бор учрашиш керак бўлиши мумкин) танглик вазияти
билан боғлиқ масалаларга ўтиш мумкин: «Сен билан бирор-бир ёмон ҳолат
содир бўлмадими? Сенга ёқмайдиган бирор-бир иш қилганларми?» ушбу
босқичда вазиятни аниқлаш учун проектив расмлар, проектив хаёлот ёки расм
чизишдан (айниқса мактабгача ёшдаги ва кичик мактаб ёшидаги болалар билан)
фойдаланиш мумкин. Агарда маслаҳатчида жиддий когнитив ёки аффектив
бузилишларга шубҳа туғилса бола билан махсус чуқурлаштирилган тест
синовларини ўтказиш керак бўлади. Маслаҳатчи биринчи навбатда болага қулоқ
солиши кераклигини ва фақатгина бола гапиришга тайёр бўлган мавзуларда
гапириши кераклигини ёдда тутиши керак. Бу ишларнинг барчасини жуда
юмшоқ, боланинг хавфсизлиги ҳақида қаттиқ ғамхўрлик билан амалга ошириш
керак.
Боланинг хулқини ва умумий ҳолатини таҳлил қилиш. Танглик вазиятини
бошдан ўтказган бола хулқини мисол учун қуйидаги схемадан фойдаланиб
таърифлаш мумкин.
3-жадвал.
Зулм остида қолган боланинг хулқ-атворини кузатиш схемаси

Боланинг Ф.И.О.______________________________________________
Тўлдирди: психолог/педагог_____________________________________
Тўлдирилган санаси:___________________________________________
Рўйҳатда келтирилган болада кузатилган хулқ-атвор кўринишининг
тагига чизинг, мавжуд бўлмаганини киритинг
 
Хулқ-атворидаги
бузилиш
характери
Хулқидаги бузилишнинг аниқ кўриниши
Тажовузкорлик Ўйинчоқларни синдиради; тенгдошларини туртади,
тимдалайди, тишлайди, туфлайди, сўкинади.
Негативизм Барча нарсаларни тескарисини бажаради; ҳатто қизиқарли
ўйиндан бош тортади; кўпинча «хоҳламайман», «керакмас»
дейди.
Намойишкорона Суҳбатдошига тескари қарайди, ҳаракатларини бўрттириб
кўрсатади, тескарисини қилиб ўзига эътибор қаратишга
ҳаракат қилади, атрофдагиларнинг муносабатларини
кузатади ва шу кабилар.
Эмоционал
узоқлашиш
Қийинчилик билан ўйинда иштирок этади кўзини олиб
қочади, якка қолишга интилади. Ўз иши билан банд ва
атрофдагиларга бефарқ; кўпинча нутқдан мулоқот
воситаси сифатида фойдаланмайди.
Сохта эшитмаслик Эшитса ва талаблар мазмунини тушунади, лекин
илтимосларни бажармайди.
Қизиққонлик Арзимас сабаблар учун тўсатдан ва қаттиқ жаҳли чиқади.
Аразчилик Танқиддан қаттиқ таъсирланади,
ўйинда ютқазганидан хафа бўлади; арзимас сабаблардан
хафа бўлади.
Жанжалкашлик Ўзи жанжални бошлайди; ён босмайди, ҳамкорликдаги
фаолиятда тенгдошларининг истакларини ҳисобга
олмайди ва шу кабилар.
Хулқ-атворидаги
бузилиш
характери
Хулқ-атворидаги бузилишнинг аниқ кўриниши
Иккиланувчанлик Ўйинларда етакчи ролларни ўйнашдан бош тортиш;
суҳбат жараёнидан ўзини олиб қочиш; жавобини билса
ҳам жавоб бермаслик.
Тентаклик Катталарнинг танқидларига жавобан кулади; унинг
жаҳлини чиқаради.
Қўрқувлар Яққол ифодали қўрқувлар (янги вазиятлардан, янги
инсонлардан, қаттиқ товушлардан, итлардан, якка
қолишдан қўрқиш, қоронғиликдан қўрқиш).
Хавотир Ўйноқи кўзлар, кўзларини олиб қочиш; бола ўзини
олиб қочиш хулқини тушунтириб бера олмайди,
кутилмаганда чўчиб кетади, асоссиз қўрқади,
эҳтиёткор бўлади ва бошқалар.
Эркин ҳис қилмаслик Эркин ҳаракатлар қилмайди, эпчил эмас – айниқса
янги вазиятларда, ўзини кескин ҳис қилади.
Сусткашлик Нима иш билан машғул бўлишни билмайди;
фаолиятсиз; жуда паст овоз билан гапиради; секин
ҳаракат қилади; сигнал бўйича ҳаракатларни
бажаришда ортда қолади ва бошқалар.
Эгоцентриклик Барча ўйинчоқлар, буюмлар унинг учун деб
ҳисоблайди; ўз гапини ўтказишга ҳаракат қилади.
Ақлини ишлатиш
дан қочиш
Мулоҳазалар билан қизиқмайди; ўз ёшига мос ақлий
топшириқлардан тез толиқади (солиштириш,
умумлаштириш, ҳаракатларни такрорлаш бўйича).
Диққатининг
бузилиши.
Чалғийди; топшириқни бажариш шартларини қайта
сўрайди ва шу кабилар. Ўз ҳаракатларини шошилинч
режалаштиради.
Ортиқча
ҳаракатчанлик
(гиперфаоллик)
Ҳаракатлари суръати тезлашган; ортиқча ҳаракатлар
қилади (кўп кераксиз ҳаракатларни бажаради ва
бошқалар); тез асабийлашади ва секин тинчланади;
белгиланган сигналдан аввал ҳаракат қила бошлайди
ва бошқалар.
Хулқ- атворидаги
бузилиш характери
Хулқ-атворидаги бузилишнинг
аниқ кўриниши
Нутқий сусткашлик Жуда тез, баланд овоз билан гапиради, машғулотларда
гаплашади, танқидларга эътибор бермайди.
Мураккаб кўп
қадам-ли
йўриқномаларни
тушунмаслик
Катта инсоннинг йўриғи бўйича ҳаракатлар кетма
кетлигини адаштиради.
Содда сўзли
йўриқномаларни
тушунмайди
Кўргазмали намуналарга асосланиб, тушунтиришларни
қабул қилмайди.
Сусткашлик Диққатини қийинчилик билан кўчиради, бир ҳаракатни
кўп марта такрорлайверади.
Ишлаш
қобилиятининг
пасайганлиги (ақлий)
Фаоллик ва тезкорликни талаб қи
лувчи ақлий фаолиятдан чарчаб қолади.
Ишлаш
қобилиятининг
пасайганлиги
(жисмоний)
Жисмоний ҳаракатлардан чарчайди.


Танглик вазиятини бошидан кечираётган болалар билан ишлашда жинсий
зўрлашни бошидан кечирган болалар билан ишлаш алоҳида ўрин тутади.
Бошдан кечирган зўрлаш ҳолати ҳар доим ҳам яққол бўлмайди, шунинг учун
психолог/педагогнинг болаларни жинсий зўрланганликлари ҳолати белгиларини
билиб олиш маҳорати алоҳида аҳамиятга эга бўлади.
Мисол учун, мактабгача ва кичик мактаб ёшидаги болалар хулқларида
қуйида тасвирланган белгилари юқори даражали эҳтимоллик билан уларга
нисбатан жинсий зўрлаш бўлганини тахмин қилиш мумкин.
Ушбу ёшга хос бўлмаган, ғайриоддий сексуал маълумотларни билиш.
Қайтарилувчи, ёшига ва ривожланиш даражасига мос бўлмаган сексуал
ўйинлар, жумладан, ўйинчоқлар билан ўйинлар.
Ҳиссий боғлиқликнинг сексуал ифодаланиши.
Гениталияларини ҳаддан ортиқ ўзи қондириши (болани бу машғулотини
йўқотиб бўлмаслик).
Бошқа болалар билан жинсий алоқа имитацияси ёки ҳайвонларга нисбатан
сексуал эътибор.
Дўстлари билан ўзаро муносабатларда сексуал ўпишлар.
Компульсив сексуал хулқи (кўкракни, гениталиялар тутиши, ечиниш ва
ҳоказо).
Инсонларга ёки жойга нисбатан ҳис-туйғуларини тўсатдан ўзгариши.
Уйқусизлик ҳолати ва тўсатдан қўрқиб кетиш ҳолатининг содир бўлиши.
Одатдан кўра анча кўп давом этувчи аниқ бир одамдан ёки инсонлар
гуруҳидан одатий бўмаган қўрқуви, уйга қайтишдан хавфсираш, гуруҳга
боришдан ёки аксинча ёлғиз қолишдан қўрқиш, аниқ ёки хаёлий объектлардан
қўрқиш.
Бола ва анча каттароқ инсон орасидаги алоҳида, одатий бўлмаган, сирли
муносабатлар, айниқса уларда кўндириш, қизиқтириб ўзига тортиш ва совғалар
қатнашса.
Босинқираш, тунги қўрқувлар ва бошқа уйқунинг бузилиш ҳолатлари.
Ўзига зарар етказувчи хулқи (ичкиликбозлик, захарли моддаларни
суъистемол қилиш, фохишалик, ўзини жароҳатлаш, суицидга уринишлар, турли
бахтсиз ҳодисаларга дучорлик), уйдан қочиб кетишлар.
Хулқдаги ёрқин ўзгаришлар: норозилик, мактабда бошқа болалар билан
мулоқотда қийинчиликлар туғдирувчи ҳаддан ортиқ тажовузкор, ёки, аксинча,
фаолсиз, итоаткор, ҳаддан ортиқ ён босувчи, хушомадгўй хулқ, шунингдек,
ҳуқуқбузарлик хулқи.
Ўз-ўзидан ёлғон гапириш, шахсий реаллик образининг чалкашлиги.
Катталарга нисбатан умумий ишончсизлик ёки бир жинсдаги катталарга (фақат
аёлларга ёки фақат эркакларга) нисбатан ўзига хос ишончсизлик.
Гигиена кўникмаларини ёддан чиқариш муаммоси, болани яна бошқатдан
хожатга боришни ўргатиш.
Билим олиши имкониятининг пасайиши, бу ҳолат маълум вақт давомида
намоён бўлмайди ва фақатгина ривожланишнинг охирги босқичларида
аниқланади.
Болаликдаги хулққа қайтиш: энурез, бармоқларини сўриш, кучли асоссиз
йиғлаш, жиззакилик, ёки аксинча катталар каби, сохта катталар хулқи. Ҳаддан
ташқари яқинлик ёки меҳрибонликка жуда ўрганиб қолиш.
Сурункали депрессия, хаёл суриш, қўрқувлар.
Тенгдошлари билан ёмон муносабатларда бўлиш, ўзини паст баҳолаш, ўзига
эътиборсизлик. Жисмоний зўрланишдан кейинги танглик ҳолатида бўлган бола
билан ишлаш ҳолатларида қуйидагиларни аниқлаб олиш зарур:
• бола ва ҳуқуқбузар билан ўзаро муносабатнинг хусусияти;
• жинсий зўрлашнинг такрорланиши ва давомийлиги;
• болани жинсий алоқага ундашган усуллари;
• жинсий алоқа белгисининг борлиги ёки йўқлиги;
• жинсий зўрланганлик далилини очишнинг хусусияти;
• болага кўрсатиладиган қўллаб-қувватлаш ва оилавий ўзаро
муносабатларнинг хусусиятлари;
• боланинг миллий ва маданий хусусиятлари.
Боланинг психологик хусусиятлари ташхиси
Танглик сабабли келиб чиққан боланинг мавжуд ҳолатини тушунишга
қаратилган диагностик ишдан ташқари унинг умумий ривожланиши ва
психологик хусусиятларини диагностика қилиш керак. Бундай диагностика
бола/ўсмирнинг қайси психологик ёш босқичида (унинг интеллектуал
даражасини ва психологик ёшини) эканлигини аниқлашга имкон беради. Буни
тушунмасдан туриб болага самарали психологик ёрдам кўрсатиш мумкин эмас.
Масалан, психологик ривожланишида нуқсонлар кузатилган (гиперфаоллик,
диққатсизлик, психологик ривожланишда ортда қолиш ва шу кабилар) жароҳат
олган бола билан кўпроқ новербал ҳаракатланиш методларидан (кўз
ҳаракатлари, нафас олиш машқлари, релаксация, қоидалар билан машқ бажариш
ва шу кабилар) фойдаланиш билан психологик тузатиш ишларини олиб бориш
керак. Бола билан тузатиш ишлари дастурини тузиш учун унинг ҳар бир психик
функциялари даражаси тўғрисида тақдимотни тузиш керак. Шу билан бир вақтда
ҳар бир функциясини камида иккита методикалар ёрдамида текшириш керак.
Боланинг стрессга мослашиш қобилияти, чидамлилигини аниқлаш, унда копингмеханизмлари (қийинчиликлар ва стрессга қаршилик қилиш механизмлари)
пайдо бўлишини ўрганиш учун диагностика ўтказиш зарур. Ишнинг
бошланишида ва унинг якунланганидан кейинги диагностика, психологнинг
тузатиш ишлари самарадорлиги объектив мезонлари ва болани умумий
реабилитация натижалари кўрсаткичи ҳисобланади.
Идрок этиш доираси ва интеллектини диагностика қилиш
• Хотирани текшириш (қисқа ва узоқ муддатли).
• Эшитиб эслаб қолиш.
• Кўрганларини эслаб қолиш.
• Пиктограммалар.
Диққатини текшириш (барқарорлиги, йўналганлиги, тарқоқлиги,
бўлинувчанлиги, ажратиш).
• Шульте жадваллари.
• Крепелин бўйича ҳисоблаш.
• Тузатиш синовлари, чизиқларни ажратиш.
• Белгиларини тақсимлашга Коган синови.
Интеллектини текшириш (умумий заковати, боланинг мулоҳазаси ва
унинг танглик вазиятига муносабати).
• Векслер тести.
• Поляков синовлари.
• Предметларни турларга ажратиш.
• Муҳим белгиларини кўрсатиш.
• Тўртинчиси ортиқча.
• Пиктограмма.
• Равен матрицаси.
• Интеллектни ўрганиш тести.
• Мақоллар ва метафоралар мазмунини тушунтириш,
• Оддий ўхшатишлар, тушунчаларни солиштириш.
• Магик фикрлаши ривожланганлигини аниқлаш сўровномаси (MIC).
• Эмоционал-шахсий муносабатларини диагностика қилиш.
Ўзини баҳолашини текшириш:
• Дембо методикаси,
• Шкалали методлар.
Эмоция ва кайфиятини текшириш.
• Фрустрация тести (С. Розенивейг) — 4 дан 14 ёшгача бўлган болалар учун,
• Люшер тести.
• МРТ тести (муносабатлар рангли тести).
• «Мавжуд бўлмаган ҳайвон».
• «Тугалланмаган гаплар».
• Кеттелл тести — ўсмирлар учун.
• ШМСБ методикаси (шахслараро муносабатларни субъектив баҳолаш) —
3,5—12 ёшли болалар учун.
• «Уй — дарахт — одам».
• «Оила расми».
• «Агарда мен … бўлганимда …».
Жинсий зўрлаш қурбонлари билан ишлаш ҳолатларида “Миф” ва
«Кодлаштириш» (жинсий-ролли кимлигини, одатларини, афзалликларини
аниқлаш) методикасидан фойдаланилади.
Бола характерининг кучли томонларини ва психик четланишларини
диагностика қилиш. Стресс ҳолатларини келтириб чиқарувчи омилларнинг узоқ
вақт таъсири ҳамда бола муаммоларининг ўтказиб юборилганлиги даражаси,
унинг эҳтиёжларига эътиборсизлик ва рад этишлари унинг психикасида
бузилишларга, шахснинг шаклланиши ва ривожланишида оғишишларга олиб
келади. Ушбу оғишишларни қуйидаги тестлардан фойдаланиб аниқлаш мумкин:
• Хавотирланиш шкаласи (Спилбергер — Хаиин).
• Депрессия шкаласи (Бек).
• ПАО (патохарактерологик диагностик сўровнома).
• MMPI-A (ўсмирлар учун).
• Нейропсихологик методлар.
Боланинг муҳим муаммоларини аниқлаш ва ушбу муаммолар билан
ишлашнинг мос ва самарали методларини аниқлаш, дастлабки диагноз ва
диагностика босқичи якуни ҳисобланади. Муаммони бундай яққол аниқлаб олиш
учун психолог боланинг асосий кучлари нимага қаратилган эканлигини билиши
ёки у бу йўналишни танлашга ёрдам бериши керак.
Ишларнинг асосий йўналишларини танлаш
Боланинг мавжуд ҳолатини таҳлил қилиш ишларини олиб бориш керак
бўлган асосий муаммоларни (мавзуларни) белгилаб олишга имкон беради.
Одатда бу муаммолар қуйидагилардан иборат бўлади:
Хулқи доирасида, бошқалар билан ўзаро муносабатлари доирасида:
эгоцентризм, муаммоларни ҳал қилишдан қочиш, атрофдагилар билан
муносабатларининг барқарор эмаслиги, фрустрация вазиятида ўзини асосан бир
турда тутиш, ўзига ишончсизлик, ўз имкониятларини танқидий баҳоламасдан
юқори талаб қўйиш, бошқаларни айблаш одати ёки ҳаддан ташқари
хушомадгўйлик, ахлоқсизлик хулқи.
Аффектив доирасида; эмоционал лабиллик, паст фрустрация
барқарорлиги ва тез-тез хавотирланиш ва депрессиялар юзага келиши, ўзини
баҳолаши паст ва барқарор эмас, ижтимоий фобиялар пайдо бўлиши,
тажовузкорлик.
Мотивацион соҳасида эҳтиёжсиз: ҳимояланганликка бўлган
эҳтиёжининг ёпилиши, ўзини намоён қилиш, хусусиятлари, яқин истиқболларни
кўра олмаслиги.
Когнитив соҳасида: шахсни уйғунлиги бузилишини кучайтирувчи
бузилишлар мавжудлиги, «аффектив мантиқ»:
«эркин акс эттириш» — тасдиқлайдиган далиллар бўлмаган ҳолатда
хулосаларни ифода этиш («мен суперменман», «мен омадсизман);
«саралаб танлаб олиш» — «мени мактабда ҳеч ким яхши кўрмайди,
чунки мен етимхонаданман» мазмундаги гаплардан юлиб олинган фикрга
асосланган хулоса чиқариш;
«ҳаддан ташқари умумлаштириш» — фақат биргина ҳолатга асосланган
глобал хулоса чиқариш («мен нима қилсам — барчаси ёмон чиқади»);
«қора-оқ фикрлаш» — содир бўлаётганларни фақатгина икки хилда
баҳолаш: «жуда яхши — жуда ёмон», «дунё қора ёки оқ»;
«шахсийлаштириш» — ҳеч бир алоқаси бўлмаса ҳам ташқи ҳодисаларни
ўз шахси билан боғлаш: «улар шунчаки кулмаяптилар, улар менинг устимдан
кулмоқдалар»;
Салбий воқеаларни бўрттириш ва ижобийларни минимизация бўлиши
болани ўз-ўзини баҳолашини пасайишига олиб келади “қайтарма алоқаларни”
қабул қилмаслик, шахсни ёпиқ бўлишига имкон туғдиради.
Бу муаммо билан ишлашда қуйидаги вазифаларни амалга ошириш зарур:
• болага ўз ҳис-туйғуларини оғзаки ифодалашга ўргатиш (жумладан,
танглик вазияти билан боғлиқ);
• ўз туйғуларини фарқлашга ўргатиш (уларни турли туман эканлигини ҳис
этиш);
• болада сенситивликни машқ қилиш (сезгирликни);
• жисмоний алоқаларни қабул қилиш, жисмоний ўзлигини ҳис этиш.
Танглик изтирпоблари билан боғлиқ когнитив схема билан ишлашда
(тафаккур услуби орқали):
• Болага ўз эмоцияси ва туйғуларини англашга ўргатиш, жумладан, бошқа
инсонлар билан ўзаро муносабати билан боғлиқ.
• Ўзига нима ёқади ёки ёқмаслиги ҳақидаги мулоҳазаларини ишлаб
чиқишни ривожлантириш.
• Ўз изтиробларига ижобий муносабатни шакллантириш.
• Болани муаммоларга йўналганлигига ўргатиш.
• Бошқа инсонлар билан ўзининг ўзаромуносабати хусусиятини англашга
ўргатиш.
Боланинг хулқ-атвори ва унинг бошқа инсонлар билан ўзаромуносабати
билан ишлашда:
• Болада эшита олишни ривожлантириш (шунингдек, фаол тинглаш
кўникмаларини);
• Болага ўз нуқтаи назарини билдиришга ўргатиш (“йўқ” жавобини
қайтаришга ўргатиш).
• Компромиссга келиш ва қарор қабул қилишни шакллантириш.
• Ўз қарорларини ҳимоя қилиш ва далиллар келтириш.
• Бошқа инсонлар билан алоқа ўрнатиш кўникмасини ривожлантириш.
• Ижтимоий қўллаб-қувватлаш кўникмаларини шакллантириш (ёрдам сўраш
ҳамда миннатдорчилик билдириш).
Қачонки нишон танланган бўлса, психолог бола билан ишлаши учун зарур
услуб ва техникаларни танлайди. Кўп ҳолларда қисқа муддатли коррекция
моделлари қўлланилади.
Фойдаланилган адабиётлар рўйҳати:
1. C.Х.Таджиева, Д.Ғ.Сабирова “Танглик вазиятида қолган болага
психологик ёрдам кўрсатиш”. Т.: РБИММ, 2011 й. 142 б


LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here